Siz ishi ko'p, vaqti tig'iz odamsiz. Tasavvur qiling, ishxonadan berilgan vazifani bajara olmay qoldingiz. Shunda, boshqalar u yoqda tursin, hatto o'zingiz ham "esi past, miyasi yo'q, xom kalla, besavod, zamondan orqada qolgan" degan yoqimsiz ta'riflar bilan o'zingizni so'kasiz. Yoki chuqur bilimdon, yuqori intellekt sohibi bo'lsangiz-u, xushmuomalalikdan biroz yiroq tursangiz, baribir ishingiz ko'ngildagidek bitmay, dilingiz xira bo'laveradi. Bunday noqulay vaziyatlarga tushmaslik uchun esa sohangizga doir bilimlarning o'zi bilangina kifoyalanib qolmay, haqiqiy professionalga xos bo'lgan qator xususiyatlarni o'zlashtirishingiz va zamonaviy dunyo tan oladigan etiket qoidalariga amal qilishingiz lozim.
Qo'l berib ko'rishish. Shariatda ayol kishining erkak bilan qo'l berib so'rashishi ayb sanalmasada, yaxshi qabul qilinmaydi. G'arb uchun bu oddiy hol. Ammo G'arb va Sharq tushunchalari hayotimizda aralashib ketgan hozirgi paytda ko'p erkak-ayollar bu borada nima to'g'ri-yu nima noto'g'riligini bilmay qolishmoqda. Aytish mumkinki, ish yuzasidan bo'ladigan uchrashuvlarda qo'l berib so'rashishning hech yomon joyi yo'q. Shunga qaramay, muhtaram erkaklar, ayol kishini noqulay vaziyatga solib qo'ymaslik uchun birinchi bo'lib qo'l uzatmang. Agarda ayolning o'zi sizga qo'l uzatsa, qo'l uchida emas, samimiy, iliq so'rashing.
Tarjimai hol yozish. Uni kompyuterda yozish kerak. Tayyor bo'lgan tarjimai holni A4 formatli oq qog'ozga chiqarasiz. qogozning bir burchagiga rasmingizni yopishtirib (3x4 hajmli, ishbilarmonlar kostyumida), ish taklif qilayotganlarga jo'natasiz. Kerak bo'lsa (hamma joyda ham talab qilinmaydi, shu sabab so'rab bilganingiz ma'qul), qisqa xat yozib (siyohli ruchkada), tarjimai holga ilova qilishingiz mumkin. Tarjimai holga to'liq ism-sharif, tug'ilgan vaqti, oilaviy sharoiti, yashash manzili, telefon va elektron pochta manzili kiritiladi. So'ng shu paytgacha o'qigan va ishlagan joylaringaz, egallagan lavozimlaringiz yilma-yil ko'rsatiladi; diplom(lar) olingan vaqti, raqami, qaysi chet tilini bilishingiz ham yoziladi. Ilovada qaysi lavozimga da'vogarligingizni bildirasiz.
Atrofingizda "to'g'ri" mayda-chuydalar bo'lsin. Sizga dastlabki baho aynan shularga qarab beriladi. Shu bois ukangizdan "o'g'irlab" olgan ruchka emas, sifatli yozuv qurolingiz bo'lsin. Sochingizga plastmassa, yaltir-yultir bezaklar emas, oddiy, ko'zga tashlanmaydigan taqinchoqlarni taqing. Qo'l soatining ham "brilliant" ko'zli, kapalak, ilon va boshqa bachkana shakllisini emas, xushbichim, siposini tanlang. Albatta yon daftarchangiz bo'lsin. Sumkani hamma yog'i butun, saranjom holda tuting.
Hech bo'lmasa bitta xorij tilida to'g'ri gapira oling. Universal varianti - rus va ingliz tili. Begona tilda oddiy ma'lumotlarni suhbatdoshga etkazish, umuman, erkin so'zlasha olish uchun bir yil kifoya qilar ekan. Faqat qunt bilan muntazam tarzda shug'ullanilsa, bas.
Tirnoqlaringizga e'tibor bering. Ishingiz ko'p va bo'sh vatstingiz deyarli yo'q bo'lishiga qaramay, albatta, manikyur qilib yuring. Negaki, haqiqiy ishbilarmon hamisha diqqat markazida bo'ladi, shu bois bu borada hech qanday bahona o'tmaydi. Ba'zilarning fikricha, ishbilarmon ayolning ishga hatto yuz pardozisiz kelishini kechirish mumkin, ammo manikyursiz yurishini zinhor kechirib bo'lmas ekan.
Zarur bo'lsa, qayta so'rang. Haqiqiy professionalni suhbat boshidayoq, berayotgan savollaridan aniqlab olish mumkin. Masalan: "Iltimos, ismingizni qaytaring, harfma-harf aytsangiz, yaxshiroq bo'lardi". U ism, manzil, raqamlarni qayta-qayta so'rashdan cho'chimaydi. Biron narsani bilmaslik yoki eshitmay qolishning hech yomon joyi yo'q. Yaxshisi, vaqtida - o'sha zahotiyoq so'rab oling, yo'qsa, ertaga bu xatoni to'g'rilash qimmatga tushishi mumkin.
Kechikkan paytingizda ogohlantirib qo'ying "Avtobus kechikib keldi, trolleybusning "shoxi" chiqib ketdi" kabi bahonalar professionallik sifatlaringizni yo'qqa chiqaradi. Kechikishingizga faqat o'zingaz aybdorsiz, atrofdagilarda o'zingizga ishonch uyg'ota bilish ham faqat va faqat sizning zimmangizda. Shuning uchun kechikkuday bo'lsangiz, boshqalarni ogohlantirib qo'yishga odatlaning. O'shanda kechikkaningiz sababini doston qilib o'tirishga hojat qolmaydi.
Ishbilarmonlar kostyumini tanlang Sohangizdan kelib chiqqan holda kiyining. Agar xonanda, dizayner, sportchi va shu kabi kasblarga aloqangiz bo'lmasa, ishga ishbilarmonlar kostyumida kelishingiz lozim bo'ladi. Ya'ni ayollarda uzunligi tizzagacha yoki undan to'rt enlik yuqori bo'lgan yubka va kostyum (etagi er supuradigan yubkali kostyum ishbilarmonlar libosi sanalmaydi), erkaklarda esa ixcham, klassik bichimdagi shim va kostyum bo'lishi zarur. Siz o'zingizga qaysi rang va bichim ko'proq yarashishini bilishingiz kerak. Zotan, noto'g'ri tanlangan kostyum sizning kayfiyatangiz va tashqi ko'rinishingizga salbiy ta'sir etishi mumkin. Erkaklar uchun alohida ogohlantirish - zinhor ishbilarmonlar kiyimi bilan oq paypoq kiymang.
Kundalik daftar tuting Professional hamisha bajarishi lozim bo'lgan yumushlar, borishi zarur bo'lgan uchrashuvlarning vaqti va joyini, telefon va manzilini kundalik daftariga yozib oladi. Va shu sababli u hech narsani yoddan chiqarmaydi (eslab qolish qobiliyati zo'r bo'lgani uchungina emas).
Kompyuterni o'rganing Hozirgi kunda zamonaviy odamni kompyutersiz tasavvur qilish mushkul. Haqiqiy professionaldan, qaysi ishga borishidan qatiy nazar, kompyuter bilimi talab qilinadi. "Wort"da matn terib, uni printerdan chiqarib olishni bilish etarli emas. Masalan, faylni arxivlash, skript, txt kabi atamalar sizga tanish bo'lmog'i lozim.
Tabassumingiz me'yorida bo'lsin Ko'pchilik chiroyli jilmayishni eplagani holda keyin yana jiddiy qiyofaga sezdirmay kirishni uddalay olmaydi. Atrofdagilarda yaxshi taassurot uyg'otaman, deb nuqul tishning oqini ko'rsataverish odam haqida "yengiltak ekan" degan noto'g'ri taassurot uyg'otishi mumkin.
Olam bilan aloqani uzmang Ya'ni uyali telefon yoki peyjerga ega bo'lishingiz kerak. Yoki qaerda, qachon va qaysi raqam orqali sizni topishlari mumkinligini ogohlantirib yuring. Bu nafaqat o'zingiz, balki firmangiz, mijozlaringiz, hatto karerangiz uchun ham muhimdir. Kim biladi, balki aynan o'sha daqiqalar hayotingizni o'zgartirib yuborar.
Hamkasblaringizning tug'ilgan kunini yodda tuting Agar boshliq bo'lsangiz, unda albatta kundalik daftarchangizga hamkasblaringizning tug'ilgan kunlari ro'yxatini kiritishingiz shart va ularni esdan chiqarishga haqqingiz yo'q.
Maoshingiz haqidagi savollarga javob bermang Hamkasblaringiz qiziqishmoqdami? Siringizni oshkor qilmang! Bu noo'rin savol, deb aql o'rgatishning ham hojati yo'q. Shunchaki, bu raqam faqat sizgagina tegishli ekanligini aytib o'ting. Maoshni uch sababga ko'ra hamkasblarga oshkor etmaslik lozim: agar maoshingiz yuqori bo'lsa, ular hasad qilishlari mumkin; kam bo'lsa, hamkasblaringiz ishdagi mavqeingiz o'zlari o'ylaganchalik baland emas ekan, deb hisoblashlari mumkin; yaxshi maosh olayotganingizni bilib olgan hasadgo'y hamkasblaringizdan biri esa (yoki bir nechtasi) boshliq bilan bo'ladigan biror suhbatda uni sizga qarshi qayrashi mumkin.
Rasmiy xat va ariza yozishni o'rganing O'ng tomonda adresat ko'rsatiladi (firmaning nomi, FIO), so'ng bir necha qator tashlab, xatni so'z boshidan yo'llanayotgan odamga "hurmatli..." degan murojaat bilan boshlaysiz. Keyin yana ikki qator tashlab, xat boshidan, maqsadingizni qisqa va lo'nda yoritasiz. Yana ikki qator tashlab, chapdan ism-familiyangiz, imzo va sanani qo'yasiz. Agar xatingizni "hurmatli..." deb boshlagan bo'lsangiz, uni "hurmat bilan..." deb tugallash shart emas. Qog'ozni ham, konvertni ham yuborilayotgan joyga qarab tanlash kerak: qog'ozda, konvert ustida hech qanday gullar, yurakchalar tasviri bo'lmasligi lozim.
Yaxshi dam - mehnatga hamdam Dam olish kunlari, tunda, mehnat ta'tili vaqtlarida charchoqni chiqarish kerak. Ish paytida ham o'n - o'n besh daqiqacha dam olish zarur. Yo'qsa, sizdan unumli va foydali ish kutib bo'lmaydi. Charchoq sabab ishlaringiz yurishmaydi. Bu esa, avvalo, sizning, qolaversa, hamkasb va yaqinlaringizning hayotini o'zgartirib yuborishi, turli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Vaqtida dam olsangiz, yangi g'oyalar paydo bo'ladi, natijada hayotga boshqacha nazar bilan yondoshadigan bo'lasiz.
Oldingizga aniq, maqsad qo'ying Bir yil, uch yo besh yil, bir umrni mo'ljallang. Chunki bundan qisqa muddatga qo'yilgan maqsadlar reja emas, ish vaqtini taqsimlash hisoblanadi. Biror arzirli maqsad bo'lgandagina vaqtni taqsimlashdan ma'no bo'ladi, shunday emasmi? Rivojlanish, biror cho'qqini egallash uchun esa, avvalo, maqsad muhim.
Aziz yurtdoshlar, menga sigaret chekishni tashlang deyish oson. SIZgachi, Sizga 15-20 yil, hatto nozir bo'lgan, qanchadan-qancha og'ir kunlaringizda, shod-hurram onlaringizda "sodiq", "qadrdon", "haloskor" bo'lgan zahri-qotil "do'stingizdan" ajralish mushkul voqeadir. Ammo olimlarning aniqlashlaricha chekuvchilarning har 100 nafaridan 90 tasi chekishni birdan tashlab yuborish kuchiga ega ekan. Faqat 10 tasigina uzoq, 30-40 va undan ortiq yillar mobaynida kuniga 2 quti atrofida chekkanlarga bir oz qiyin bo'lar ekan. Lekin, ularning birortasida ham chekishni tashlaganligidan so'ng avvaldan bo'lgan eski kasali avj olib ketmagan yoki biror yangi og'ir kasallik paydo bo'lmagan. Kashandalar beixtiyor - avtomatik tarzda, ertalab uyg'onganda, ovqatlanib bo'lgach, hayajonlanganida, xafa bo'lganida, biror mushkul holat vujudga kelganida, aqliy ish boshlashdan oldin, "qani aqlni bir peshlab olaylik", - deb chekadilar. Narda o'ynab o'tirgan og'aynilarimiz qisqa vaqt ichida, hatto 2 quti sigaretni chekib qo'yganini, juda ko'p kuzatganmiz, umuman ular sigaret qutisiga, gugurtga qaramay, hayoli nardada, sigaretni ketma-ket chekishar, ular buni hatto sezishmas edilar. Kashandalik jarayoni odatga aylanib qoladi. Jumladan, sigaretni qutidan olish, uni barmoqlari bilan biroz ezish, labga asta qistirish, asta-sekin gugurt bilan tutatish, hozir tutunni ichimga chuqur tortib, "huzur" qilaman degan fikr ko'p yillar davomida har kuni o'nlab marta qaytarilgandan keyin bu odat - shartli refleksga aylanib qoladi. Shuning uchun ko'p yillar davomida kuniga 20 va undan ortiq sigaret chekkanlar, ba'zi kashandalar, chekishni tashlasam biror og'ir dardga yo'liqaman, hatto xalok bo'lishim ham mumkin deb o'ylaydilar. haqiqatan ham kashanda sog'ligi uchun havf bormi? Olimlarning kuzatishicha kashandalar chekishni tashlagandan so'ng bir necha kun mobaynida bezovtalik yoki dilg'ashtlik, ta'sirchanlik, holsizlik, befarqlik, ba'zilarda biroz bosh aylanishi, yurak sanchishi kabi holatlar bo'lishi mumkin. Ko'pchilik holatlarda biror-bir narsani yo'qotib qo'ygan kishiga o'xshab, yuradilar chekish xumor qilib turadi. Chunki, bir necha yillar mobaynida odat tusiga kirib qolgan - shartli refleksni yengish uchun kunlar, xaftalar, oylar kerak bo'ladi. Zararli odatini tashlashga, undan voz kechishga va sog'ligini mustahkam qilishga astoydil kirishgan, irodasini yig'a olgan kishigina maqsadga erishadi. Biz ishonamizki, SIZ shunday kishilardan sanalasiz, bo'lmasa ushbu sahifaning shu jumlasigacha o'qib kelmagan bo'lar edingiz. Sizga omad vamuvaffaqiyatlar tilab, asosiy maslahatlarga o'tamiz:
BIRINCHI USULI:
1) SIZ yolg'iz emassiz. SIZga o'xshab chekishni tashlamoqchi bo'lganlar juda ko'p. Olimlarning aniqlashlaricha, har 10 ta chekuvchining 6 tasi sigaret chekishni tashlamoqchi bo'ladi.
2) Chekishni tashlab, SIZ katta yutuqqa ega bo'lasiz. Jumladan: yurak, qon tomir, oshqozon, ichak tizimi surunkali zotiljam, surunkali bronxit, o'pka eifizemasi, o'pka sili, raki kabi kasalliklarga mubtalo bo'lishidan qutulasiz.
3) Agar keng iste'mol qilinuvchi sigaretning narxi 500 so'm bo'lsa, bir kunda 1 quti chekadigan odam chekishni tashlasa bir yilda 200000 so'm iqtisod qiladi.
4) Xonadoningiz sigaret qoldiqlari to'la sassiq kuldonlardan, barmoqlardagi, kiyimlardagi noxush hidlardan, tishlarning ta'sirida paydo bo'ladigan sarig'idan halos bo'lasiz.
5) Bolalaringaz, qarindosh-urug'laringiz va o'zingiz bundan g'ururlanasiz. qanday og'ir mashaqqatli zararli odatdan qutilganingizdan o'zingizga nisbatan o'zingizni hurmatingiz oshadi.
6) Chekishni birdan tashlagan ma'qul. Buning uchun qatiy qaror qilib, shunday bir kunni tanlash kerak-ki, bu kundan keyingi kunlarda to'ylar, mehmondorchiliklar, katta hayajonli ishlar bo'lmasligi kerak. Yaxshisi bu kun ta'tilda yoki dam olish kunlaridan oldinroq bo'lgani yaxshi. Aniqlanishicha, kun mobaynida chekiladigan ko'pgina sigaretlarning bag'ridan osongina kechib yuborishingiz mumkin ekan, faqat 6 dona og'ir sigaret chekuvchida qutulishi ancha murakkab bo'lar ekan. Bularni uyg'ongan zahoti chekadigan, ovqatlanishdan so'nggi, tanaffuslardagi, hayajonlanganingizda, ishda zo'riqish vujudga kelganda, zo'riqish tugaganda, ish tugaganda, kechki ovqatlanishdan so'ng va hokazo. Quvonarli tomoni shundaki, qattiq sigaret chekish xumori uzoq davom etmaydi, u 2-3 minut bo'lishi mumkin. Shunday paytda 2-3 stakan suv ichish va 10 martadan chuqur nafas olib, chiqarish hamda sabzavot va mevalardan iste'mol qilinsa kifoya sigaret humori so'nadi.
IKKINCHI USULI:
Sigaret chekish juda qattiq xumor qilganda: ko'zingizni yuming, asta sekin chuqur nafas oling, sekinlik bilan beshgacha sanang, shoshmay nafas chiqaring, bu mashqni 9 marta qaytaring. Shu paytda millionlab odamlar yer yuzida sigaret chekishni tashlaganlarini ko'z oldingizga keltiring. Bularning ham deyarli hammasini sizga o'xshab dastlabki kunlarda qiynalganlarini, lekin iroda kuchi topib, sigaret chekish xumorini yengganlarini tasavvur qiling. Bunday odamlar chekmaslikka kuch topishgan, nahotki men boshqalardan kam quvvatman, chekishni tashlashga kuchim yetmaydi, yo'q men buning uddasidan chiqaman deb, qayta-qayta ayting. Imkon bo'lsa sovuq dushga tushing, sayr qilgani chiqing, yalpiz saqichini chaynash bilan ham biroz xumorni yozish mumkin.
UCHINCHI USULI:
Stendfor universitetida ishlab chiqilgan, chekish xumor qilgandagi bu xohishingizni tahlil qiling. Chekish xumori qattiq tutganda qadam baqadam chekish jarayonini ko'z oldingizga keltiring mana sigaretning silliq qutisini ushladingiz, uni asta ochib, sigaretni oldingiz, labingizga qistirdingiz endi tutatgichni olib uni yoqib sigaretni tutatdingiz, HUZUR qilib ichingizga tutunni tortdingiz,tutun tutun esa ko'z va tomoqni achituvchi sassiq milliard-milliard qora qurum qora moy tomchilari, sianli ammoniy, sinil kislotalari, is gazi, rak paydo bo'lishiga zamin tayyorlayapti, qonga surilayotgan bu zaharli moddalar miya, yurak jigar, buyrak, oshqozon, ichaklarning xujayralarini zaharlab yemirayapti. Og'zingizdan chiqqan noxush hiddan ayolingiz, farzandlaringiz atrofdagi do'stlaringiz ozor chekmoqda. Sigaret chekishdan paydo bo'lgan bu halokatli o'zgarishlarni ko'z oldingizga tez-tez keltira boshlasangiz u oxir-oqibat ongingizga kira boradi. O'zingizda haqiqatdan ham sigaret chekishga nafrat paydo bo'ladi, chekkingiz kelmay qoladi.
Shundan so'ng sigaret chekishni tashlagach, qanday yoqimli narsalarga ega bo'lishingizni ko'z oldingizga keltiring. Barmoqlaringizdan, kiyim-kechagingizdan tanangizdan, og'zingizdan badbo'y sigaret xidining
ketishi, ko'kragingizni to'ldirib nafas olishingizni, yuzingizda nur paydo bo'lishini, quvvatingizni oshishini, moddiy tomondan bir yil ichida 200000 so'm yoki undan ko'proq iqtisod qilishingizni, bu pullarga go'zal manzarali joylarga sayohatlarga borishingizni, kiyim-kechak va boshqa narsalar sotib olishingizni, o'zingizni qushdek engil sezishingizni, bu kasofat chekishdan qutulganingizdan oila a'zolaringiz va do'stlaringizni quvonchli yuzlarini va boshqalarni tasavvur qiling. Bu mashqni har kuni kamida 2 marta, agar iloji bo'lsa kun davomida bir necha marta avtobusda, tramvay va trolleybusda sayr qilganda bo'sh vaqtingizni topib, darhol qaytarib tursangiz tez kun ichida u o'z natijasini beradi.
TO'RTINCHI USULI:
Avval aytganimizdek, shunisi quvonarliki, chekishni qayta humor qilish uzoq davom etmaydi. U faqat 2-3 daqiqa davom etadi xolos. Agar SIZ shu vaqt ichida ikki rakat nafil namoz o'qib Allohdan o'zingizdagi bu zararli odatni tashlashga kuch va matonat tilab misvok bilan tishingizni tozalasangiz sigaret xumoridan qutulasiz, sigaretning ziyonli ta'siridan paydo bo'lgan milk va tomoqdagi yallig'lanishdan, tish kariesidan da'vo topasiz hamda Ibn Qoyyum sanagan quyidagi foydalarga ega bo'lasiz. Misvok og'izni hushbo'y qiladi, milkni mustahkamlaydi, balg'amni ko'chiradi, ko'zni ravshan qiladi, tishning darz ketishiga yo'l qo'ymaydi, oshqozon faoliyatini yaxshilaydi, ovozni tiniqlashtiradi, taom hazm bo'lishiga yordam beradi, nutq talaffuzini yengillashtiradi, zikrga, namoz va qur'on o'qishga rag'batni kuchaytiradi, uyquni qochiradi, farishtalarni xursand qiladi. Bugungi tibbiyot fani misvoklarning foydalari haqida quyidagilarni ma'lum qildi. 1. Inson organizmida qonning quyilishini oldini oladi. 2. Og'iz bo'shlig'idagi turli mikroblarga qiron keltiradi. 3. Tarkibida ftor moddasi bo'lgan misvok tishlarning kariesga yo'liqishining oldini oladi. 4. Misvokdagi fosfor moddasi tishni chirituvchi bakteriyalardan himoya qiladi. 5. Trimetilamin va vitamin moddalari milklarning yorilishi va jarohatlarini tuzatish hamda ularning sog'lom o'sishini ta'minlaydi. Misvokda 25 dan ortiq foydali moddalar bo'lib ular reklama qilinayotgan birorta ham tish pastasida uchramaydi. Misvok hamma masjidlar qoshidagi kitob rastalarida sotiladi. Agar yana chekib qo'ysangiz, hech qachon o'zingizni o'zingiz urushmang, axir siz ham odamsiz-ku, hammaga o'xshab xato kamchiliklaringiz bor. Yana qaytadan kurashishni davom ettiring, aytadilar-ku "yiqilgan kurashga to'ymas deb. Siz ham to sigaretni yiqitmaguningizgacha to'xtamang, qayta-qayta kurashaversangiz oxiri murodingizga yetasiz. 20-30 va undan ortiq yillar sigaret chekkan bo'lsangiz yoki kam muddat chekkan bo'lsangizda, lekin sigaret chekishning xumoridan qutilib, tashlay olmasangiz, hech bo'lmaganda quyidagilarga amal qilishingiz, nisbatan sog'ligingizga kamroq zarar yetkazasiz.
1. Har sigaret chekishdan oldin unga "do'st", "najotkor" deb emas, ashaddiy dushman deb, bilgan haqoratingizni dildan chiqarib so'kib, "sen kasofatni" bir kunmas bir kun baribir tashlayman deb, nafrat bilan cheking.
2. Nikotinli saqichlar chaynang, bunday saqichlar dorixonalarda sotiladi. Bora-bora Siz sigaret tashlashga erishasiz. Gipnoz bilan kodlash usulidan foydalaning. Igna sanchib davolash usulidan foydalaning.
CHEKISHNI TASHLAGANLARNING YUTUQLARI:
SIZ chekishni tashlash bilan birga chekish bilan bog'liq barcha kaslliklarning rivojlanishini to'xtatasiz, qarish, terilaringizdagi ajinlarning ko'payishiga, barham berasiz, go'yo qarish soatini to'xtatib, yasharish soati murvatini buragandek bo'lasiz.
Chekishni tashlab SIZ to'satdan vafot etish xavfini kamaytirasiz.
Eng ulkan yutug'ingiz - sog' bo'lib yashash, ertalab uyquga to'yib, tetik bo'lib uyg'onish, tanangizda birorta og'riq bilinmasligi bu qanday baxt ekanligini tushunib shodlanasiz.
Chekishni tashlagach, sof tabiat in'omlarining hidi va ta'midan rohatlanishingiz tiklanadi, kiyimlaringiz, qo'l barmoqlaringiz va badaningizda anqib turgan badbo'y tamaki hididan foriq bo'lasiz.
Eng muhimi Siz hech narsa sarf qilmay, faqat chekishni tashlab, hamma istagan narsangizga ega bo'lasiz.
Sizning xizmatingizga tayyor turuvchi muallif: Aminov Alijon
S a h i f a m u a l l i f i : Doniyor Sobirov.