Hamma bolalarniki kabi mening bolaligim ham shirin va beg'ubor edi. g'am-tashvish yo'q. Umr nima? Vaqt nima? Bular bizga notanish narsalar edi. Hech narsa bilan ishimiz yo'q. Faqat o'yin bo'lsa bas! Bog'chaga boradigan davrimni eslayman. Kichkina, kam gap, ko'ngli bo'sh bola edim. Yig'loqilik yoki buzg'unchilik menga begona narsalar bo'lgan. Keyin esa maktab davrim... Birinchi sinfga borgan kunim, ya'ni 1991 yil 2 sentyabar kuni birinchi qo'ng'iroqning jarangdor sadolari ostida birinchi muallimim Bikajon To'raevaning issiq mehr bilan qarshi olgani... Onajonim bilan birga dars tayyorlaganlarim...
Onajonimning qo'limdan ushlab yozishni o'rgatganlari, birga dars tayyorlaganlarimiz... Ustozimizning sinfimizni ikki-uch guruhga bo'lib, o'qish bo'yicha baxslashuvlarimiz... Ikkinchi sinfligimda Onajonim va ustozim B.To'raevalarning yordamida Matematika fanidan "ko'paytirish jadval"ini yod oldim. Uchinchi sinfni ham faqat a'lo baholar bilan tugatib, yaxshi o'qiydigan sinfdoshlarimiz bilan (kimniki zo'r deganday qilib, maqtanish ma'nosida) baholarimizni solishtirib yurardik. Uchinchi sinfdan beshinchi sinfga ko'chdik. Onajonim meni maktabdan keyin bekor yurmasin deb, shahar markazidagi 5-sonli A.Atajanov nomidagi musiqa maktabiga o'qishga yozdirdi. 1999 yilda O'rta maktabning 9-sinfi bilan birga musiqa maktabni ham tamomladim. 2001 yilda esa maktabning 11-sinfini tamomlab mustaqil hayotga qadam qo'ydik.
Tarjimai hol
Men - Sobirov Doniyor Baxtiyorovich, 1985 yil 30 may kuni Toshkent shahrida, xizmatchilar oilasida tug'ilganman. 1987-1989 yillarda Xorazm viloyati Xiva shahridagi 9-sonli bog'chaga bordim. 1991 yilda Xiva shahridagi 11-sonli Al-Xorazmiy nomli o'rta maktabning 1-sinfiga bordim. Maktab davomida, ya`ni 1994-1999 yillarda Xiva shahridagi 5-son "San`at" maktabining "Qashqar rubob" yo'nalishini tamomlashga ulgurdim. Maktab davomida bir nechta olimpiada va anjumanlarda qatnashdim. Shulardan: 1999 yilda Ximiya fanidan shahar bosqichida 3-o'rinni, 2001 yilning Aprel oyida Matematika fanidan Viloyat anjumanida 1-o'rinni qo'lga kiritdim. 2001 yilda maktabni a`lo baholar bilan tamomlab, Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus Davlat "Berdaq" nomidagi Universtitetining Huquqshunoslik fakultetiga xujjat topshirdim. Kirish imtixon natijalari men uchun muvoffaqiyatsiz bo'ldi. Shu yili Xiva shahridagi 2-son "Kasb-hunar" kollejining Komp`yuter kursini tamomladim. 2002 yili yana Nukus Davlat "Berdaq" nomidagi Universtitetining Huquqshunoslik fakultetiga xujjat topshirib, kirish imtixonlaridan o'tolmadim. Shu yili ona, vatan, qiyinchiliklar haqida she`rlar yoza boshladim. 2003 yili Toshkent Davlat Yuridik institutining kirish imtixonlaridan muvoffaqiyatli o'tib, talaba degan ulug' nomga sazovor bo'ldim. 2004 yil "lk she`riy toplamim" nashrdan chiqdi. 2007 yilda institutni tamomladim. Hozirgi kunda o'z soham bo'yicha ishlayapman. Men kasbim bilan fahrlanaman. Hayot davom etyapti. Orzularim esa bir talay...
Aziz mehmon "Mehmonxona"ga dil izhorlaringizni albatta yozib qoldiring!
Ko'pchilik insonlar: hayot qiyin va beshafqat deyishadi. Yo'q, men bunday deb o'ylamayman. Men hayotni oynaga o'xshataman. Oynaga qarasangiz u o'zingizning aksingizni ko'rsatadi xalos. Hayotda ham qanday bo'lsangiz, shunga yarasha javob topasiz. Oynaga qarab faqat tashqi ko'rinishimizni ko'rganimiz kabi, hayotning ham faqat yorug' qismini bilamiz halos. Qorong'u qismida nima bo'ladi?... Bunisi bizga qorong'u. Tashqi ko'rinishimiz chiroyli bo'lishi uchun ichki dunyo qarashimizni chiroyli qilishimiz kerak bo'lganiday - Qorong'u dunyomiz yaxshi bo'lishi uchun bu yorug' dunyoda gunoh ishlarni kamroq va savob ishlarni ko'proq qilishimiz kerak. Bu yorug' dunyoda yashayotgan har bir insonning xohlaydimi, yo'qmi orzulari, tashvishlari va o'z yechimini topolmay yotgan savollari bo'ladi. Mening ham orzuim o'z sahifamni yaratish edi. Afsus, hech qanday moddiy mablag'ga ega bo'lmaganligim sababli bu istag men uchun jumboq bo'lib qoldi. Lekin men yana faqat oldinga intilib yashayverdim. Buni qarangki, hech qanday moddiy mablag'ga ega bo'lmay turib ham sahifa yaratishning yo'li bor ekan. Internetda imkoniyatlar juda ko'p ekan. Bu web sahifamni yaratish uchun esa 2 yil vaqt sarfladim. Va men bu sahifamni do'stlarimning maslahati bilan, sabr qilib, bilimimga tayangan holda o'z qo'llarim bilan yaratdim. Siz sahifamni shu yerigacha o'qib chiqdingizmi?! Demak, mening mehnatlarim zoye ketmabdi. Men bundan judayam hursandman! Siz ham sayt ochishni, o'zingizning shahsiy web sahifangizni yaratishni xohlaysizmi?! Buning uchun faqat sabrli bo'ling! Men sizga qo'limdan kelganicha maslahatlar berishga harakat qilaman. Men sizga yordam berishni xohlayman aziz yurtdoshlar!!!